Davlatimiz ramzlari
Iqtidorli o`quvchilar
To`ramurodova Maftuna Faxriddin qizi – Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanida 1999 yilda tug`ilgan. Muzrabot tumanidagi 17-umumiy o`rta ta`lim maktabining 9-sinf o`quvchisi. 2014-2015 o`quv yilida ona tili va adabiyot fanidan tuman olimpiadasida faxrli 1-o`rinni qo`lga kiritgan. Viloyat olimpiadasida ona tili va adabiyot fanidan qatnashib , faxrli o`rinni egallagan. Ustozi Mamanova Ra`no bilan yaqindan hamkorlikda ish olib boradi. Kelajakda u Termiz shaxridagi 2-son akademik litseyining ijtimoiy-gumanitar fanlari yo`nalishi bo`yicha o`qib, oliy o`quv yurtiga kirib oliy ma`lumotli mutaxassisligini egallash orzusida.
Xolmatova Sevara Davlat qizi – Surxondaryo viloyatining Termiz shaxrida 1999 yilda tug`ilgan. Muzrabot tumanidagi 17-umumiy o`rta ta`lim maktabining 9-sinf o`quvchisi. 2014-2015 o`quv yilida fransuz tili fanidan tuman olimpiadasida faxrli 1-o`rinni egalladi. Viloyat olimpiadasida ishtirok etib, faxrli o`rinlardan birini egalladi. Ustozi Xazratqulova Tamara bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.
Axmedova O`g`ilnoz – Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanida 2000 yilda tug`ilgan. Muzrabot tumanidagi 17-umumiy o`rta ta`lim maktabining 8-sinf o`quvchisi. 2014-2015 o`quv yilida iqtisod fanidan tuman bilimlar bellashuvida faxrli 1-o`rinni egalladi. Viloyat bilimlar bellashuvida ishtirok etib iqtisod fanidan faxrli o`rinlardan birini egallab qaytdi. Ustozi Begimqulova Zulxumor bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.
Omonova Madina – Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanida 2000 yilda tug`ilgan. Muzrabot tumanidagi 17-umumiy o`rta ta`lim maktabining 8-sinfida o`qiydi. 2014-2015 o`quv yilida fransuz tili fanidan bilimlar bellashuvida faxrli 1-o`rinni egalladi. Viloyatda o`tkazilgan bilimlar bellashuvida fransuz tili fanidan ishtirok etib faxrli o`rinlardan birini egalladi. Ustozi Xazratqulova Tamara bilan birgalikda faoliyat yuritmoqda.
Til va jamiyat
Inson jamiyatda yashaydi.Jamiyat deganda odamlarning birlashib yashashi, ishlashi, o`zaro turli-tuman aloqa va munosabatlarda bo`lishini tushunamiz.
Odamlar birgalikda yashab-ishlashlari uchun ular bir-birlari bilan so`zlashishlari, fikr almashishlari zarur.Shuning uchun jamiyat a`zolari orasidagi aloqaning eng muhim turlaridan biri so`zlashish, bir-biri bilan fikr almashishdir.Agar kishilar o`zaro fikr almasha olmasalar, jamiyat bo`lib yashay olmaydilar.Jamiyat a`zolarining o`zaro so`zlashishlarini ta`minlovchi vosita tildir.
Fikrni chiroyli va ravon ifodalay olish, so`rash va javob berish jamiyat a`zolari uchun eng zarur va yaxshi xislatdir.
Til o`tgan avlodlar tajribasi, bilimlari natijalarini kelgusi avlodlarga yetkazuvchi ko`prik hamdir.Kishilar hayot tajribalari va ilmiy yutuqlarini yozib qoldiradilar va ular avloddan-avlodga o`tib, boyib,rivojlanib boradi. Bu tilning ulkan ma`rifiy ahamiyatidir.
Til shaxsiy hayotda ham juda katta o`rin tutadi: u shaxsning o`zini o`ziga tanitadi, milliy va umuminsoniy faxrlanish tuyg`usini kamol toptiradi.
Insoniyat tarixida dastlab og`zaki nutq yagona aloqa quroli bo`lib xizmat qilgan.Yozuv paydo bo`lgach,odamlar og`zaki va yozma nutqdan foydalanganlar.
Dunyodagi tillar, shu jumladan o`zbek tili ham , jamiyat bilan birga doimo rivojlanishda bo`ladi.
Sinfdoshlar tazyiqi:Bullingdan himoya qilishning amaliy imkoniyatlari xususida
Odamni qurshab turgan rang-barang va o`ta murakkab olamning qaysi tomoniga qaramaylik hamma yerda kishini hayratda qoldiradigan darajada muvozanat saqlanishiga guvoh bo`lamiz. Tabiatda issiq kunlar sovuq kunlar bilan muvozanatga keltirilsa , odam hayotida quvonchli damlar g`am-g`ussa onlari bilan almashib boradi. Muvozanatni odamlarning jismoniy va psixik imkoniyatlarida ham ko`rishimiz qiyin emas.Kimningdir xayoli juda boy, lekin unga sabr yetishmaydi, birov juda sabrli, ammo xayoli original ijod mahsullarini yaratishga qodir emas.
Odamzot tabiatidagi o`ziga xos muvozanatga ming yil avval Abu Nasr Farobiy ham e`tibor qaratib, «Kishilar jismoniy va tug`ma qobiliyat, kuch-quvvatda bir-biridan ortiq yoki kam bo`ladilar» degan ekan. Odam turli sohada har xil imkoniyatga ega ekan, o`z-o`zidan muayyan vaziyatda kimdir kimdandir ustun bo`ladi. Tegishli sohada boshqa birovdan imkoniyati ko`proq bo`lgan odam unga munosabatda o`z ustuvorligini turlicha namoyon etishi mumkin. Jumladan , ko`pincha nomutanosib imkoniyatlar kimdir kimgadir tazyiq o`tkazishiga asos bo`ladi. Albatta , imkoniyatlar notengligi sababli birov-birovga tazyiq o`tkazishi turli xil jamoalarda kuzatiladi, ammo buning yorqin ifodasini ayrim sinf jamoalarida , ba`zi o`quvchilarga sinfdoshlar tomonidan namoyon etiladigan munosabatda ko`rish mumkin.Mazkur maqolada aynan shunday muammo – sinfdoshlarning tazyiqi va bunda pedagog muayyan o`quvchi yoki o`quvchilarni asrash, qolaversa , sinfdagi umumiy muhitni yaxshilash uchun nimalarga e`tiborli bo`lishi, qanday choralar ko`rishi mumkinligi haqida mulohaza yuritiladi.
Psixologiyada sinfdoshlar tomonidan amalga oshiriladigan tazyiq «bulling» (inglizcha bully – bezori,urishqoq,qo`rs) deb ataladi. AQSH maktab xodimlari milliy assotsiyasi tomonidan berilgan ta`rifga ko`ra , bulling – bu kuchdagi tafovut asosida bir yoki bir necha o`quvchi tomonidan boshqa o`quvchiga atayin ziyon yetkazishga qaratilgan dinamik va takrorlanuvchi verbal va noverbal xulq-atvor modelidir. Mutaxassislar ta`kidlashicha , bulling allaqachon butun dunyo pedagogik jamoatchiligining katta muammosiga aylangan. Bu masalaga bag`ishlangan ko`plab alohida internet saytlari (www.bulling.org, www.bulling.com.uk, www.bulling.net va b.) tashkil etilgani bejiz emas. Masalan, KidsPoll saytida o`tkazilgan so`rovda qatnashgan 1200 nafar o`quvchidan 48 foizi bulling qurboni bo`lganini, 45 foizi ko`p karra bullingni boshidan kechirganini, 42 foizi o`zi ham unga qo`l urganini, 20 foizi ko`p marta shunday qilganini ta`kidlagan. Ayrim tadqiqotchilarning ma`lumotlariga qaraganda , 5 foizdan 20 foizgacha bolalar qaysidir darajada bulling qurboni bo`ladilar. Albatta , turli mamlakatlarda ta`lim tizimi o`ziga xos tuzilishi, qolaversa, turmush tarzi , milliy -madaniy o`ziga xosligi sababli ushbu raqamlar turlicha bo`lishi mumkin, biroq ko`pchilik mutaxassislar yakunda bulling qurbonlari miqdori 15-20 foiz atrofida degan to`xtamga kelayaptilar.
Ko`pchilik mutaxassislar bulling uchun xos 4 ta alomatni ajratadilar:birinchidan , bulling bu agressiv xulq-atvor, ikkinchidan , bulling muntazam amalga oshiriladi, uchinchidan, bulling hukm o`tkazish imkoniyati noteng odamlar o`rtasidagi munosabatlarga xos, to`rtinchidan , bulling atayin qilinadi.Demak, o`qituvchi shuni bilishi kerakki , bulling ortida faqat jismoniy kuchdagi nomutanosiblik emas, balki hukmronlikdagi disbalans, ya`ni bir bola boshqasiga muntazam o`z so`zini o`tkazish imkoniyatiga egaligi ham turadi.
Bulling muammosini o`rganish bo`yicha dunyodagi eng yetakchi olim sifatida e`tirof qilinadigan norvegiyalik Dan Olvius bulling asosan quyidagi xususiyatlarga ega o`quvchilar tomonidan amalga oshirilishini ta`kidlaydi: 1) ularda hukmronlik qilish, boshqalarni bo`ysundirish orqali o`z maqsadlariga erishish ehtiyoji kuchli bo`ladi; 2) ular jizzaki va tez jahl qilishga moyil bo`ladi; 3) ular ko`pincha namoyishkorona ravishda kattalar, shu jumladan , ota-ona va o`qituvchilarga nisbatan agressivlikni namoyon etadilar; 4) ular o`zlari ziyon yetkazgan odamlarga nisbatan achinishni his etmaydilar.Odatda bulli, ya`ni bulling harakatini amalga oshiruvchi o`quvchilar o`z-o`ziga hurmati va ishonchi yuqoriligi bilan ajralib turadi, o`z kuchini o`ylamay , spontan ravishda emas, ongli, hissiy sovuqqonlik va boshqa odamning holatiga befarqlik namoyon etadilar, birovni bo`ysundirishdan qoniqish his qiladilar, o`zini ko`p muvaffaqiyatlarga erishgan odam sifatida biladilar. Maxsus tadqiqotlarda bullingga moyillik bilan sinfdoshlar o`rtasida hurmat qozonganlik darajasi o`zaro musbat aloqador ekani isbotlangan, umuman, bulling odatda yuqori sotsiometrik mavqega ega bo`lishi ta`kidlanadi.
Har bir pedagog ayni vaqtda ko`pincha bulling qurboniga aylanuvchi o`quvchilarni qanday xususiyatlar ajratib turishini bilsa, shunday xususiyatlar egasi bo`lgan bolalarga alohida ziyraklik bilan e`tibor qaratadi. D.Olveus bo`yicha bulling qurbonlarining ikki xil toifasi mavjud: 1) «itoatkoq qurbon» ko`pincha qo`rqoqroq, ta`sirchan, uyatchan, xavotirlanuvchan, o`ziga ishonchi va hurmati past, tushkunlikka moyil, yangi do`stlari yo`q, tengdoshlar bilan muloqot qilishga qiynaladigan , ulardan jismonan kuchsiz bo`ladi; 2) «agressiv qurbon» o`ta agressiv , emotsional beqaror , jahli tez, gijgijlashga oson beriladigan, tajovuzkorlikni kuchsizlarga hamla qilish uchun emas , balki o`zini boshqara olmaslik sababli namoyon etadigan , o`ziga past baho beradigan, tengdoshlari orasida obro`si yo`q, ular tomonidan qo`llab-quvvatlanmaydigan bo`ladi.
Bulli ko`pincha qarshilikka duch kelmaydi, chunki uning tazyiqi yo`naltirilgan tengdosh yuqorida ta`kidlanganidek , ko`pincha ijtimoiy munosabat ko`nikmalari yaxshi rivojlanmagan , nizolardan o`zini olib qochadigan fe`l-atvorga ega bo`ladi. Shu tariqa bulli va uning qurboni bir-birini to`ldiradi, ular o`rtasida o`ziga xos munosabatlar rivoj topadi.
Maktabda sinfdoshlar tazyiqi odatda 3 xil shaklda namoyon bo`ladi: 1) jismoniy ta`qib (turtish, urish va h.k); 2) verbal ta`sir (masxaralash,tahqirlash va h.k); 3) izolyatsiya qilish (guruhdan chetlashtirish, guruhiy munosabatlarga qo`shmaslik va h.k). Har qanday shaklda bulling tegajaklikdan boshlanadi. Bunda ko`pincha bo`lajak bulling qurboni haqiqatdan sodir etgan yoki etmagan biror harakatda ayblanadi. Bulling jarayoni boshlanishining yana bir keng tarqalgan usuli sinfdoshning tashqi ko`rinishi, kiyinishi, fikr-mulohazalariga nisbatan muayyan salbiy baholarni oshkora aytishdir. Ba`zi jismonan kuchli bolalar jismoniy tazyiq o`tkazib, keyin o`z harakatiga nisbatan bildirilgan reaksiyadan o`z ta`qibini davom ettirish uchun foydalanadi. Har ikki holatda tegajoqlik qiluvchi bola e`tiroz uchun biror bahona qidirib nishonini bezor qiladi.
Shubhasiz, o`z sinfida bulling muammosiga duch kelgan har qaysi o`qituvchi buning sabab-ildizlari , qanday texnologiya asosida amalga oshirilishini , yosh , jins, oilaviy tarbiya xususiyatlariga ko`ra farqini bilishga qiziqishi mumkin. Lekin tadqiqotchilar , mualliflar ochiq tan olishi kerakki, o`qituvchi uchun , avvalo, shunday muammoga duch kelganda nima qilish mumkinligi qiziqroqdir. Masalan, xorijiy tadqiqotlarda AQSH va Yaponiya, Moskva va Riga maktablarida bulling muammosi qiyosiy o`rganilib, sinfdoshlar tazyiqining ham milliy-madaniy tafovutlarga asoslangan tiplari bo`lishi mumkinligi isbotlanadi. Bugun ta`lim dargohlarida faoliyat ko`rsatayotgan ustozlarimiz, albatta , bu kabi tadqiqotlardan xabardor bo`lishi foydadan holi emas, ammo ularni birinchi navbatda uzoq xorijiy davlatlardagi qora ko`zlar taqdiri ko`proq bezovta qilishi tabiiy. Shunday ekan , muammo haqida so`z ochildimi, uni hal qilishning amaliy jihatlari xususida to`xtalmaslik, o`quvchiga nisbatan adolatsizlik bo`ladi.
Avvalo, shuni eslatish kerakki, o`qituvchining bolalar ko`z o`ngidagi obro`si bilan sinfdagi zo`ravonlik o`rtasida teskari aloqadorlik aniqlangan, ya`ni o`quvchilar jamoasida obro` qozona olgan ustozlar sinflarida bulling ko`rsatkichlari past bo`ladi. O`qituvchi e`tiborga olib qo`yishi kerak bo`lgan yana bir holat – bulling odatda o`quv yili boshida, ya`ni o`quvchilar guruhiy uerarxiyadagi o`rni uchun faol kurashga kirishgan paytda yuqori darajaga yetadi va bu jarayon yakunlangach ancha susayadi. Shuningdek, maxsus tadqiqotlarda kam ta`minlangan oilalarning farzandlari boshqa bolalardan ko`ra uch barobar ko`proq holatlarda bulling qurboniga aylanishi aniqlangan. Demak , o`qituvchi bu toifa o`quvchilarga bulling profilaktikasi nuqtai nazardan ham alohida e`tiborli bo`lishi talab qilinadi.
Bulling hodisasi bilan kurashar ekanmiz, o`zimizni aldamaganimiz ma`qul. Albatta, olamdagi zo`rlik va zo`ravonliklarni batamom tugatishning imkoniyati yo`q, bular biz yashayotgan dunyoning ajralmas qismi. Shuning uchun o`qituvchi butun dunyoda qanday ayanchli hodisalar bo`layotganini, umuman, yoshlarda qanday yomon o`zgarishlar bo`layotganidan noliyvermay, birinchi navbatda, bulling kabi hodisalar aniq guruhda konkret o`quvchilar hayotida o`ta ayanchli oqibatlarga olib kelishini e`tiborga olgan holda bu kabi holatlarning oldini olish maqsadga muvofiqdir.
D. Olveusning tadqiqotlaridan ma`lum bo`lishicha , o`qituvchi o`quvchilar bilan munosabatda quyidagi oddiy 4 tamoyilga amal qilsa, bulling ko`rsatkichlari 30-50 foiz pasayadi: 1) o`quvchilar guruhi hayotiga samimiy ijobiy qiziqishni namoyon etish; 2) noo`rin hatti-harakatlar uchun qat`iy chegaralarni va cheklovlarni belgilash; 3) o`rnatilgan me`yorlarni buzganlik uchun jismoniy jazo yoki aybsitib urushish usulidan foydalanib emas, muayyan sanksiyalar (jarima) berish orqali munosabat bildirish; 4) o`quvchilar uchun avtoritet va ijtimoiy rol modeli sifatida namoyon bo`lish.
Bulling profilaktikasi uchun pedagog , avvalo, bunday harakatlarni o`z-o`zidan yo`qolib ketadigan bolalik sho`xliklari deb tushunmasligi va bunga nihoyatda e`tiborli bo`lishi talab qilinadi. Muhimi, bulling harakatlariga qo`l urganlar va ularning ota-onasiga bunday qilmishlar jazosiz qolmasligini anglatish kerak. Sinf raxbari bulling mavzusiga bag`ishlangan tarbiyaviy soat o`tkazishi, «Odamlar nega bir-birini haqoratlaydi?», «Birovni masxaralashga bizni nima undaydi?» kabi mavzularda insholar yozish, davra suhbatlarini o`tkazish orqali bolalarni ushbu muammo haqida o`ylantirib qo`yishi foydadan xoli emas.
Bulling oldini olish uchun ushbu muammodan ota-onalar, maktab ma`muriyati, xodimlari, o`quvchilarni xabardor qilish maqsadga muvofiqdir. Zero , mazkur muammoni hal etishning muhim sharti butun maktab jamoasining hamkorlikda faoliyat ko`rsatishidir. Umuman, mutaxassislar muammoning keng tarqalgani va jiddiyligini e`tiborga olib, hatto uni bartaraf etish bilan shug`ulanadigan umumiy maktab qo`mitasini tuzishni taklif etadilar. O`qituvchi o`quvchilar bilan bullingga qarshi qoidalarni ishlab chiqishi va qabul qilishi tavsiya etiladi. Bulling holatlari aniqlanganda «zo`ravon» va «qurbon» ning ota-onalarini jalb etish zarur, ortiqcha tajang vaziyatni hosil qilmaslik uchun ikki taraf bilan alohida uchrashish, bunda maktab psixologi, maktab ma`muriyati vakilini taklif etish mumkin. Shuningdek , bulling qurboni uchun o`zini himoya qilishga qodir yuqori sinf yetakchi o`quvchilaridan birini mas`ul etib tayyorlash amaliyoti ham yaxshi natija berishi ta`kidlanadi. Demak o`qituvchi tomonidan sinf hayotida «mumkin» va «mumkin emas» o`rtasidagi chegaralar aniq belgilanib qo`yilgan , ularni buzishga hech kimga ruxsat berilmasligi ko`rsatilsa, bulli profilaktikasi uchun katta qadam tashlanadi. Faqat bu yerda tarbiya ishining har qaysi boshqa sohasida bo`lganidek , o`qituvchi o`quvchilar uning og`zaki ogohlantirishlari bilan amaliy harakatlari qanchalik uyg`un bo`lishiga nihoyatda e`tiborli ekanini unutmasliklari kerak.
Shunday qilib, yuqoridagi mulohazalardan , nazarimizda uch muhim xulosani shakllantirish mumkin:
1) bulling barcha zamonaviy ta`lim muassalari uchun ma`lum darajada xos bo`lgan salbiy hodisalardan biridir;
2) bulling qurbonga aylangan bolaning sog`lom rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi;
3) bulling profilaktikasi va korreksiyasi o`qituvchidan keng ko`lamli pedagogik hamkorlikni talab qiladi.
Albatta, bullingga qo`l urgan bolani bunga undayotgan sabablar xilma-xil bo`lishi mumkin. Agar bu hodisa sinfdoshning o`quv faoliyatidagi yutuqlarga hasad qilish oqibatida bo`lsa, bulliga darslarni o`zlashtirishda yordam berish kerak. Agar hamma gap boshqa bolaning moddiy imkoniyatlari yuqori emasligida bo`lsa , inson hayotida mol-dunyodan muhimroq narsalar borligiga e`tibor qaratish zarur.Bola bulling yordamida o`zining «erkak»ligini isbotlamoqchi bo`layaptimi, buning aslida juda ko`p , nihoyatda olijanob shakllari borligini bildirish lozim. Tengdosh oilasi hayotidagi ayanchli holatlar, o`zining salomatligidagi muayyan nuqsonlarga asoslanib, uni bulling qurboniga aylantirayotganlarga barcha odamlarning taqdiri turlicha bo`lishini, birovni baxtsiz qilish hisobiga haqiqiy baxtiyorlikka erishib bo`lmasligini anglatish shart. Bir so`z bilan aytganda , bulling qanday sabab bilan vujudga kelmasin, o`qituvchi «zo`ravon» bilan ham, «qurbon» bilan ham jiddiy ishlashga doim tayyor turishi kerak. Axir donishmandlar ta`kidlagan haqiqat – inson taqdiri kimning oilasida tug`ilgani va kim bilan oila qurganidan tashqari yana kimning qo`lida o`qiganiga bog`liq bo`ladi, degan mazmundagi hikmatning hayotiyligi aynan shunday vaziyatlarda yaqqol o`z isbotini topadi.
Yangiliklar
Surxondaryo viloyatining Muazrabot tumanidagi 10-sonli san`at maktabida 2015 yilning 25 avgust kuni xalq ta`limi xodimlarining anjumani o`tkazildi. Bu tadbirda Muzrabot tumani hokimi , viloyat vakillari Muzrabot tuman XTMFMT va TEB mudiri SH.Azimov va metodistlar , tumandagi barcha ta`lim muassalari o`qituvchilari hamda raxbarlari ishtirok etishdi. Tadbir boshlanishida Muzrabot tumanidagi 10-sonli san`at maktabi o`quvchilarining musiqiy chiqishlari bo`ldi. O`quvchilar o`zlarining cholg`u asboblarida chalgan kuylari, kuylagan qo`shiqlari va raqslari bilan anjuman qatnashchilarini xursand qilishdi. Anjumanda tuman hokimligi vakillari, tuman hokimi, tuman XTMFMT va TEB mudiri SH. Azimov va ta`lim muassalari raxbarlari va o`qituvchilari , tumandagi «Nuroniy» jamg`armasi raisi D.Qodirovlar so`zga chiqishib o`zlarining dil so`zlarini aytishdi. Oliy o`quv yurtlarini endi bitirib ta`lim muassasalariga ishga kelgan yosh yigit va qizlarning ‘Qasamyod qilish» tadbiri ham bo`lib o`tdi. Bunda yosh pedagoglar ham o`zlarining dil so`zlarini izxor etishdi. Tadbir davomida ta`lim sohasida o`zlarining mehnatlari bilan o`rnak bo`lib kelayotgan pedagog xodimlar sovg`lar va mukofotlar hamda faxriy yorliqlar bilan rag`batlantirildi.
Maktabda «Xayr-maktab, Salom kollej» tadbiri 2015 yilning 25-may kuni o`tkazildi. Bu tadbirda maktabning barcha pedagog xodimlari, o`quvchilar, Muzrabot XTMFMT va TEB xodimlari, ichki ishlar xodimlari,mahalla faollari , ota-onalar ishtirok etishdi.Tadbir juda qiziqarli va jo`shqin kayfiyatda o`tdi.
2015 yilning 2-iyun kuni Muzrabot tumanidagi 14-umumiy o`rta ta`lim maktabida «Quvnoq startlar» sport musobaqasi bo`lib o`tdi. Bu tadbirda Muzrabot XTMFMT va TEB xodimlari, televideniye xodimlari, o`quvchilar ishtirok etishdi.